Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin. Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi. Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi. Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida: bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da; ijtimoiy muassasalarda; diniy muassasalarda; shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida; qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.