O’zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi qonunining 6, 19, 24-moddalari, Budjet kodeksining 99-moddasi, “2023-yil uchun O’zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to’g’risida”gi qonuni hamda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 2022-yil 30-dekabrdagi VI-35-165-6-0-K/22-sonli qaroriga muvofiq, shuningdek, Namangan viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasining 2022-yil 30-dekabrdagi 01-14/20-01-32/2697-sonli xatini hamda Chust tuman hokimining 2022-yil 30-dekabrdagi 01-08/759-sonli “Namangan viloyati Chust tumanining 2023-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to’g’risida”gi taqdimnomasini ko’rib chiqib, xalq deputatlari Chust tumani Kengashi
QAROR QILADI:
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 2022-yil 30-dekabrdagi “Namangan viloyatining 2023-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to’g’risida”gi VI-35-165-6-0-K/22-sonli qaroriga muvofiq, Namangan viloyati Chust tumani mahalliy budjetining 2023-yil uchun daromadlari 113 420 124,0 ming so’m, xarajatlari 331 048 079,0 ming so’m prognoz qilinganligi hamda viloyatning viloyat budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 217 627 955,0 ming so’m miqdorida tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 2023-yil uchun Chust tuman mahalliy budjeti daromadlari prognozi 1-ilovaga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin.2023-yil uchun viloyat budjetiga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdori 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2023-yil uchun Chust tuman budjetidan hududiy budjet mablag’larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag’larning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2023-yil uchun tuman budjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.2023-yil uchun Chust tuman budjeti zaxira jamg’armasi hajmlari 3 120 578,0 ming so’m miqdorida belgilansin.2023-yil uchun viloyatning Chust tuman budjeti shaxsiy g’azna hisobvaraqlarida turgan budjet mablag’larining yo’l qo’yiladigan eng kam miqdori 1 019 114,0 ming so’mga belgilansin.
O’zbekiston Respublikasining “2023-yil uchun O’zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to’g’risida”gi mazkur qonuni bilan 2023-yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy budjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy budjet xarajatlarini hududiy budjet mablag’lari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash bo’yicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin
Shuningdek, 2023-yilda quyidagi soliq turlari:
a) Chust tuman budjetiga to’liq hajmda o’tkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig’i;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i;
jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyaga asosan to’laydigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar to’laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to’lanadigan soliq mustasno;
qurilish materiallari bo’yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yuridik shaxslar yer solig’i;
korxonalar aylanmasidan soliq;
ayrim turdagi tovarlarning chakana savdosiga doir huquq uchun yig’imlar;
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda O’zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yig’imlar (bojxona organlari tomonidan undiriladigan yig’imlardan, g’ildirakli transport vositalari, o’ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun undiriladigan utilizatsiya yig’imidan, shuningdek avtotransport vositalari oynalarining tusini o’zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to’lovdan tashqari);
davlat aktivlarini ijaraga berishdan olingan daromadlar.
b) viloyatning viloyat mahalliy budjetiga to’liq hajmda o’tkaziladi:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i;
qonunchilikda belgilangan miqdorlardagi davlat bojlari (patent bojlaridan va litsenziyalar berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda O’zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda davlat daromadiga o’tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo’yicha dividendlar (daromadlar) va ajratmalar;
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushumlar;
mobil aloqa xizmatlari, tamaki va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig’i bo’yicha, tabiiy gaz uchun qat’iy belgilangan stavkadagi aksiz solig’i, neft mahsulotlari uchun aksiz solig’ini (benzin, dizel, suyultirilgan gaz, motor moyi) tushumlar tegishincha 2022-yilning 1-iyul holatiga ko’ra Namangan viloyati aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq.
v) viloyat budjeti hamda Chust tuman budjeti o’rtasida taqsimlanadi:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko’lamini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida” PQ-409-son qaroriga asosan 2023 moliya yilidan boshlab:
a) “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo’li bilan aniqlanadi.
Bunda, aholi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla bo’yicha bitta loyihalar paketi shaklida ovozga qo’yilishi;
b) Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetida shakllangan qo’shimcha mablag’larning 30 foizi tumanda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun tuman Fuqarolar tashabbusi jamg’armalariga mavjud aholi soni va mahallalar sonidan kelib chiqib, teng ulushlarda yo’naltirilishi;
v) tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari uchun tuman budjetining 5 foizi miqdorida, biroq kamida 6 milliard so’m mablag’ rejalashtirilishi belgilanganligi;
g) “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirilishining yangi tartibi ishlab chiqilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
10. Chust tuman hokimining birinchi o’rinbosari – J.Baxodirov, Moliya bo’limi mudiri – A.Umarov, Davlat soliq inspeksiyasi (N.Maxkamov) va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda:
tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to’lovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;
mahalliy budjeti prognoz ko’rsatkichlarni o’z vaqtida va samarali bajarish;
budjet mablag’laridan maqsadli va samarali foydalanish;
budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va mas’uliyatni yanada kuchaytirish;
tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning to’liq tushumini ta’minlash;
budjet daromadlar bazasini oshirish va qo’shimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida e’tibor qaratsin.
Chust tuman Davlat soliq inspeksiyasi (N.Maxkamov) O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:soliqlarning to’liq va to’g’ri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni o’z vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini kuchaytirish;
yer solig’i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari bo’yicha doimiy tahlililar o’tkazgan holda, soliqlarni to’liq hisoblanishini ta’minlash hamda ushbu soliq to’lovlari bo’yicha soliq qarzdorligiga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’rish;
aylanmadan soliq turi bo’yicha soliq to’lovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida to’liq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini o’rnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini o’tkazish;
Bunda, mazkur yo’nalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targ’ib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targ’ibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratsinlar.
Xatlov ishlarini samarali tashkil etish orqali yer va mol-mulk solig’ining soliq bazasini oshirish vazifasi yuklatilsin.
Chust tuman hokimining birinchi o’rinbosari – J.Baxodirov, Moliya bo’limi mudiri – A.Umarovga:Chust tuman budjeti tasdiqlangan xarajatlarining (zaxira jamg’armasi mablag’larisiz) 5 foiziga teng miqdordagi mablag’lar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga hamda mahalliy budjetlarda shakllangan qo’shimcha manbalarning kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg’armasi”ga yo’naltirsin.
Bunda, Chust tumani xalq deputatlari, Yoshlar ishlar agentligi tuman bo’limi, tuman hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari hamda yangi joriy etilgan hokim yordamchilari budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida aholiga keng targ’ibot-tashviqot ishlarini olib borishga masul etib belgilansin;
mahalliy budjetning qo’shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ob’yektlar ro’yxati, shuningdek qurilish-ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to’g’risidagi ma’lumotlar har chorak yakunlariga ko’ra, keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar majburiy tartibda hokimlik rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilsin.
Tuman hokimining axborot xizmati rahbari – X.Ismoilova hamda Z.Mehomonova tomonidan mazkur qaror “Chust haqiqati” gazetasida rasmiy e’lon qilinsin hamda Chust tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.Mazkur qaror ijrosi Chust tumani hokimligiga, nazorati xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Туман ҳокими Б.Хамдамов





